Nok ko‘chatlarini ekish uchun avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishini hisobga olib, yaxshilab tekislab olish kerak. Yer maydonining har kvadrat metriga 5–10 kg go‘ng (chirindi), 250 gram fosfor, 100 gram kaliy va 200 gram ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, 25-30 sm chuqurlikda haydaladi.
Nok ko‘chatlarini ekish muddati kuzda noyabr oyiga, erta bahorda esa fevralning oxiri – mart oyining boshlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismining 20–25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomoniga olib qo‘yiladi. O‘raga 400 gram fosfor, 30–40 gram kaliy o‘g‘iti hamda 8–10 kilogramm chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi.
Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.
Daraxtlarga bahorda yarusli (qavatli) qilib shakl beriladi. Bunda daraxtning birinchi qavatida 3–4 dona asosiy shox qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Ikkinchi qavat shoxlari asosiy shoxlardan 30–40 sm, birinchi qavat shoxlaridan 25–30 sm masofada qoldiriladi. Uchinchi qavat shoxlari ham shu zaylda shakllantiriladi. Shakl berishda shox-shabbalarning bir-biriga soya berishining oldi olinib, bir maromda siyraklashtiriladi.
Nok daraxtiga zararkunandalardan nok shira burgasi, meva kanasi, kasalliklardan kalmaraz (parsha) zarar keltiradi.
Nok shira burgasiga qarshi erta bahorda Sepimetrin 25 % 10 litr suvga 20 gramm qo‘shib purkaladi. Ushbu preparatlar bo‘lmaganda tamaki qaynatmasidan foydalanish mumkin.
Nok daraxti hosilini yig‘ib olishda mevalari bandiga zarar yetkazmasdan teriladi. Baʼzi mahalliy navlar terilganidan so‘ng mahsus issiq sharoitda saqlanganida o‘ziga xos yumshoqlikka ega bo‘ladi. Kechki navlar terilganidan keyin saqlashga qo‘yilsa, ular bir necha hafta o‘tgach pishib, isteʼmolga yaroqli bo‘ladi.